Ta’lim jamiyat ehtiyojlariga
xizmat qiluvchi ijtimoiy jarayon bo'lib, u jamiyatning kelajagi va
rivojlanishida katta ahamiyat kasb etadi. Ta’lim jarayoni nafaqat keng
qamrovli, barqaror va mukammal, balki bugungi kunda tez o'zgarib borayotgan va
globallashgan dunyoga moslashib, kutilmaganda paydo bo’ladigan muammolarni
bartaraf eta oladigan bo’lishi ham kerak. Buning uchun o’qitish tizimini zamon
talablariga moslashtirgan holda doimo rivojlantirib, tizimli, izchil va maqsadli
amalga oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim. Bu esa o’z navbatida,
zamonaviy maktab o'qituvchilarini o'qitish va o'rganish nazariyasi va
amaliyotini hamda innovatsiyaning barcha jihatlarini puxta o’zlashtirib
borishlarini talab etadi.
Ta’limda innovatsiya-an’anaviy
fikrlash qobig’idan chiqish va samaradorlikka asoslanagan yangi g'oya
yaratishdir. Innovatsiya uch asosiy qadamni talab qiladi: g'oya, uni
amalga oshirish va g'oyani amalga oshirish jarayonida paydo bo'lgan natijalar.
Shuning uchun ham innovatsiyalar odatda "[...] yangi narsa yoki uslubni
muvaffaqiyatli joriy etish" deb tushuniladi1.
Hozirgi vaqtda zamonaviy ta’limni tahlil qilsak, aksariyat hollarda texnik vositalar (noutbuklar, videoproyektorlar, iPadlar) yoki boshqaruv tizimi (LMS), ya'ni, ta'lim dasturlari va veb-resurslarga asoslanganligini ko’ramiz. Darhaqiqat, texnologiya inson faoliyatining har qanday sohasida ham har doim harakatlantiruvchi kuch, innovatsiya vositasi sifatida xizmat qilgan va ulardan foydalanish asnosida ta'limni yaxshilanishini kutish tabiiydir. Chunki, texnologiya ishlab chiqarish, biznes va tadqiqotlarda mehnat unumdorligini oshirish uchun ishlatilsa, uning ta'limga integratsiyalashuvi ham o’qitish va o’rganish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Uilyam Massey va Robert Zemskiy o'zlarining «Akademik samaradorlikni kuchaytirish uchun axborot texnologiyasidan foydalanish» nomli kitobida “[...] texnologiyani akademik samaradorlikni oshirish uchun ishlatish kerak” deb yozgan2.
Ammo, innovatsiyaning yagona yoki asosiy manbai sifatida faqat axborot texnologiyalariga tayanib qolmaslikka ham e’tibor qaratish lozim. UNESCOning bir necha mamlakatlarni o’z ichiga olgan “Innovatsion o'quv va ilmiy tadqiqotlar loyihasi” (UNESCO Innovative Teaching and Learning (ITL) Research project) davomida olingan xulosalarda- "AKT innovatsion pedagogikani qo'llab-quvvatlash uchun katta salohiyatga ega, ammo bu uning mo’jizaviy tarkibiy qismi emas"-deya ta’kidlangan. Shuningdek, olingan xulosalarga ko’ra “[...] AKT haqida gap borar ekan, unga shunchaki yuzaki yondashmaslik, balki u o’quvchilarga bilim olish uchun qanday yangi imkoniyatlar bera olishiga e’tibor qaratish muhim” deya qayd etilgan3.
Zamonaviy innovativ o’qituvchilar fikriga kora biz nafaqat kompyuterni ishlatishni, balki uni qanday ishlatilishini ham bilishimiz kerak. Texnologiyani ishlatishdan oldin "Texnologiya vositalari o'quvchilarimizga matematika, san’at, adabiyot yoki mehnat ta’limini yaxshiroq o'rganishga va ta'lim sifatini yaxshilashga qanday yordam beradi?" kabi savollarga ham javob berish lozim.
Shu o’rinda
ta’kidlash joizki, mamlakatimizdagi ta’lim tizimida ham bir necha yillardan
buyon innovatsion pedagogik va axborot texnilogiyaladan samarali foydalanish
bo’yicha ko’plab ishlar amalga oshirilmoqda, ammo, ayrim hollarda maktablarda innovatsiyalarning integratsiyalashuvi sekin
kechayotganini kuzatish mumkin. Bunga sabab, ayrim o’qituvchilarning “Texnika
o’qitishdagi har qanday muammolarni yechib berishi hamda usiz interfaol dars
tashkil etib bo’lmasligi” haqidagi fikrga tayanib qolganligidadir. Qolaversa, o'qituvchilar kompyuterni insonning imkoniyatlarini
kengaytirishi kerakligi, sinf xonasida inson omilining o’rnini bosa olmasligini
nazardan chetda qoldiradilar. Xususan, zamonaviy o’qitish metodlari va axborot
texnologiyalarini darslarda qo’llashdan o’ldin uning dars maqsadlariga to’la
mos kelishi, tanlangan metod shu mavzuga doir ma’lumotlarni yetkazish uchun eng
maqbuli ekanligini tahlil qilmay turib, ixtiyoriy interfaol metodni qo’llab
ketaveradilar. Natijada, sinfda asosiy ma’lumotni yetkazuvchi sifatida
o’qituvchi o’rnini texnika egallaydi, afsuski bu o’quvchida amaliy ko’nikma
etarli darajada shakllanmasligiga olib keladi. Misol uchun, tasviriy san’at
fanidan “Miniatyura kompozitsiyasini ishlash” mavzusini o’qitishda dars turi
amaliy ekanligini inobatga olmay turib, o’qitishning “Taqdimot” usulidan
foydalanildisa, chizish bosqichlari, rang bilan ishlash texnikasi slaydlar
orqali namoyish etilsa o’quvchilarda bilim paydo bo’ladi, ammo tasvir ishlash
ko’nikmasi emas. Agar interfaol ta’limdagi o’zlashtirish darajalari, ularning
tarkibiga kiruvchi metodlarga e’tibor qaratsak, “Taqdimot” usuli
o’zlashtirishning 1-“O’quvchilikka oid” darajasiga mos kelishi, va metodning
asosiy maqsadi o’quvchida bilim berishga qaratilganligini hamda darsning
nazariy turiga mos kelishini ko’ramiz. Aksincha, darsning amaliy turlari uchun
o’zlashtirishning 2-“Tartiblilikka oid” yoki 3-“Ijodkorlikka oid” darajasiga
mos, maqsadi o’quvchida ko’nikma yoki malaka oshirishga qaratilgan metodlardan
foydalanilsa darsdan kutilayotgan natija yuqoriroq bo’ladi.
Buning uchun, avvalo, innovatsiyani qo’llayotgan o’qituvchilar o’z mutaxassisligining ustasi bo’lishdan tashqari innovator bo’lmog’i, interfaol ta’limning asoslarini mukammal bilmog’i lozim. O’qituvchi sinf xonasida yetakchi bo’lishi, o’qitilayotgan mavzuni “qanday” va “nimalar” orqali yetkazib bersa, samaradorlik yuqori bo’lishini bilishi kerak. Shundagina u ta’limda innovatsion texnologiya ma’lumot yetkazib beruvchi emas, o’qituvchinig yordamchisi, bilim yetkazib berishda vosita ekanligini anglaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Brewer and Tierney,
2012, 15-bet.
2.
Massei va Zemskiy,
1995
Комментариев нет:
Отправить комментарий