Общее·количество·просмотров·страницы

вторник, 8 мая 2018 г.

INNOVATSIYA PEDAGOGNING O’RNINI BOSUVCHI EMAS, UNING TA’LIM BERISH JARYONIDA VOSITACHISI BO’LMOG’I LOZIM.


Ta’lim jamiyat ehtiyojlariga xizmat qiluvchi ijtimoiy jarayon bo'lib, u jamiyatning kelajagi va rivojlanishida katta ahamiyat kasb etadi. Ta’lim jarayoni nafaqat keng qamrovli, barqaror va mukammal, balki bugungi kunda tez o'zgarib borayotgan va globallashgan dunyoga moslashib, kutilmaganda paydo bo’ladigan muammolarni bartaraf eta oladigan bo’lishi ham kerak. Buning uchun o’qitish tizimini zamon talablariga moslashtirgan holda doimo rivojlantirib, tizimli, izchil va maqsadli amalga oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim. Bu esa o’z navbatida, zamonaviy maktab o'qituvchilarini o'qitish va o'rganish nazariyasi va amaliyotini hamda innovatsiyaning barcha jihatlarini puxta o’zlashtirib borishlarini talab etadi.
Ta’limda innovatsiya-an’anaviy fikrlash qobig’idan chiqish va samaradorlikka asoslanagan yangi g'oya yaratishdir. Innovatsiya uch asosiy qadamni talab qiladi: g'oya, uni amalga oshirish va g'oyani amalga oshirish jarayonida paydo bo'lgan natijalar. Shuning uchun ham innovatsiyalar odatda "[...] yangi narsa yoki uslubni muvaffaqiyatli joriy etish" deb tushuniladi1. 
Hozirgi vaqtda zamonaviy ta’limni tahlil qilsak, aksariyat hollarda texnik vositalar (noutbuklar, videoproyektorlar, iPadlar) yoki boshqaruv tizimi (LMS), ya'ni, ta'lim dasturlari va veb-resurslarga asoslanganligini ko’ramiz. Darhaqiqat, texnologiya inson faoliyatining har qanday sohasida ham har doim harakatlantiruvchi kuch, innovatsiya vositasi sifatida xizmat qilgan va ulardan foydalanish asnosida ta'limni yaxshilanishini kutish tabiiydir. Chunki, texnologiya ishlab chiqarish, biznes va tadqiqotlarda mehnat unumdorligini oshirish uchun ishlatilsa, uning ta'limga integratsiyalashuvi ham o’qitish va o’rganish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Uilyam Massey va Robert Zemskiy o'zlarining «Akademik samaradorlikni kuchaytirish uchun axborot texnologiyasidan foydalanish» nomli kitobida “[...] texnologiyani akademik samaradorlikni oshirish uchun ishlatish kerak” deb yozgan2.
Ammo, innovatsiyaning yagona yoki asosiy manbai sifatida faqat axborot texnologiyalariga tayanib qolmaslikka ham e’tibor qaratish lozim. UNESCOning bir necha mamlakatlarni o’z ichiga olgan “Innovatsion o'quv va ilmiy tadqiqotlar loyihasi” (UNESCO Innovative Teaching and Learning (ITL) Research project) davomida olingan xulosalarda- "AKT innovatsion pedagogikani qo'llab-quvvatlash uchun katta salohiyatga ega, ammo bu uning mo’jizaviy tarkibiy qismi emas"-deya ta’kidlangan. Shuningdek, olingan xulosalarga ko’ra “[...] AKT haqida gap borar ekan, unga shunchaki yuzaki yondashmaslik, balki u o’quvchilarga bilim olish uchun qanday yangi imkoniyatlar bera olishiga e’tibor qaratish muhim” deya qayd etilgan3.
Zamonaviy innovativ o’qituvchilar fikriga kora biz nafaqat kompyuterni ishlatishni, balki uni qanday ishlatilishini ham bilishimiz kerak. Texnologiyani ishlatishdan oldin "Texnologiya vositalari o'quvchilarimizga matematika, san’at, adabiyot yoki mehnat ta’limini yaxshiroq o'rganishga va ta'lim sifatini yaxshilashga qanday yordam beradi?" kabi savollarga ham javob berish lozim.
Shu o’rinda ta’kidlash joizki, mamlakatimizdagi ta’lim tizimida ham bir necha yillardan buyon innovatsion pedagogik va axborot texnilogiyaladan samarali foydalanish bo’yicha ko’plab ishlar amalga oshirilmoqda, ammo, ayrim hollarda maktablarda innovatsiyalarning integratsiyalashuvi sekin kechayotganini kuzatish mumkin. Bunga sabab, ayrim o’qituvchilarning “Texnika o’qitishdagi har qanday muammolarni yechib berishi hamda usiz interfaol dars tashkil etib bo’lmasligi” haqidagi fikrga tayanib qolganligidadir. Qolaversa, o'qituvchilar kompyuterni insonning imkoniyatlarini kengaytirishi kerakligi, sinf xonasida inson omilining o’rnini bosa olmasligini nazardan chetda qoldiradilar. Xususan, zamonaviy o’qitish metodlari va axborot texnologiyalarini darslarda qo’llashdan o’ldin uning dars maqsadlariga to’la mos kelishi, tanlangan metod shu mavzuga doir ma’lumotlarni yetkazish uchun eng maqbuli ekanligini tahlil qilmay turib, ixtiyoriy interfaol metodni qo’llab ketaveradilar. Natijada, sinfda asosiy ma’lumotni yetkazuvchi sifatida o’qituvchi o’rnini texnika egallaydi, afsuski bu o’quvchida amaliy ko’nikma etarli darajada shakllanmasligiga olib keladi. Misol uchun, tasviriy san’at fanidan “Miniatyura kompozitsiyasini ishlash” mavzusini o’qitishda dars turi amaliy ekanligini inobatga olmay turib, o’qitishning “Taqdimot” usulidan foydalanildisa, chizish bosqichlari, rang bilan ishlash texnikasi slaydlar orqali namoyish etilsa o’quvchilarda bilim paydo bo’ladi, ammo tasvir ishlash ko’nikmasi emas. Agar interfaol ta’limdagi o’zlashtirish darajalari, ularning tarkibiga kiruvchi metodlarga e’tibor qaratsak, “Taqdimot” usuli o’zlashtirishning 1-“O’quvchilikka oid” darajasiga mos kelishi, va metodning asosiy maqsadi o’quvchida bilim berishga qaratilganligini hamda darsning nazariy turiga mos kelishini ko’ramiz. Aksincha, darsning amaliy turlari uchun o’zlashtirishning 2-“Tartiblilikka oid” yoki 3-“Ijodkorlikka oid” darajasiga mos, maqsadi o’quvchida ko’nikma yoki malaka oshirishga qaratilgan metodlardan foydalanilsa darsdan kutilayotgan natija yuqoriroq bo’ladi.
Buning uchun, avvalo, innovatsiyani qo’llayotgan o’qituvchilar o’z mutaxassisligining ustasi bo’lishdan tashqari innovator bo’lmog’i, interfaol ta’limning asoslarini mukammal bilmog’i lozim. O’qituvchi sinf xonasida yetakchi bo’lishi, o’qitilayotgan mavzuni “qanday” va “nimalar” orqali yetkazib bersa, samaradorlik yuqori bo’lishini bilishi kerak. Shundagina u ta’limda innovatsion texnologiya ma’lumot yetkazib beruvchi emas, o’qituvchinig yordamchisi, bilim yetkazib berishda vosita  ekanligini anglaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.     Brewer and Tierney, 2012, 15-bet.
2.     Massei va Zemskiy, 1995

     

O’QUVCHILARNI GRAFIK SAVODXONLIGINI OSHIRISHDA INNOVATSIYA-IJODKORLIK VA TASAVVURNI SHAKLLANTIRISHDAGI MUHIM OMIL

Bugungi kunda texnologiya hayotimizning har bir jabhasiga, xususan, ta'lim, ishlab chiqarish yoki kundalik hayotimizga ham faol kirib keldi. Bu esa albatta bizning qanday yashashimiz, ishlashimiz va eng muhimi ta’lim berishimizga ham sezilarli darajada ta’sir ko’rsatadi. Axborot texnologiyalari, mobil vositalar va boshqa simsiz qurilmalarga talabning tobora ortib borayotganligi, mamlakatimizdagi maktablarda ham mazkur zamonaviy texnologiyalarni samarali ravishda joriy etilishini talab qiladi. Bu jarayonning o’quvchilarda bilimlarni o’zlashtirishi, kasb egallashlaridagi o’rni shubhasiz beqiyosdir.
Shu o’rinda ta’kidlash joizki, bir necha yillar avval ta'lim sohasida innovatsion texnologiyalarni qo’llash borasida soha vakillari o'rtasida munozaralar ham paydo bo’lgan edi. Chunki, mutaxassislar ta'limni modernizatsiya qilish va uni texnologik jihatdan qo'llab-quvvatlash borasida o'z nuqtai nazarlarlariga ega edilar va tabiiyki ta'lim texnologiyalari borasida ham juda ko'p ijobiy va salbiy fikrlar bildirilgan edi. Ayrim mutaxassislar texnologiyani qo’llash o’qutuvchi ishini yengillastirishi, u orqali ko’proq ma’lumotlar yetkazib berish mumkinligi hamda o’quv mashg’ulotlarini qiziqarli tahkil etishga yordam berishi haqidgi fikrlarni yoqlasa, ayrimlar texnologiyaga bog’lanib qolish ijodiy izlanishga salbiy ta’sir ko’rsatishi, o’quvchilarni yozma adabiyotlardan uzoqlashib ketishiga sabab bo’lishi mumkinligini ta’kidlagan edilar. Biroq, texnologiya ta'lim muassasalari tomonidan qo’llanila boshlagach, asta-sekinlik bilan barcha uning yutuqlarini ta'lim sohasida qo’llash muhimligini tushundi.
Ta’limga innovatsion axborot va pedagogik texnologoyalarni olib kirish shuni isbotlab berdiki, agar uni  tafakkur bilan to'g'ri yo’naltirib, birgalikda ishlatilsa o’quvchilarda bilimlarni o’zlashtish va malakalarni egallash sifat ko’rsatkichini yuqori darajada bo’lishiga olib keladi.
Shuningdek, ta’lim sohasiga kirib kelayotgan yosh pedagoglarga shuni tushuntirish kerakki, innovatsion ta’lim bu birgina mavzuga doir slaydlarni ekranda namoyish etish yoki tayyor mul’timedia materiallarini o’quvchilarga ko’rsatib berishdangina iborat emas. Undan tizimli, keng qamrovli va asosiysi maqsadli foydalanish lozim, shundagina kutilayotgan natijaga erishish mumkin bo’ladi. Buni quyidagi misollarda ko’rish mumkin.
Birinchidan, axborot texnologiyalaridan nafaqat auditoriyada, balki darslardan bo’sh vaqtlarda ham o’quvchilarni ta’lim maqsadida birlashtirishda foydalanish mumkin. Xususan, tashqi ta’sirlardan himoyalangan xavfsiz ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum bir fan bo’yicha ta’limiy guruh tashkil etib, bu yerga fanga doir kerakli adabiyotlarning elektron variantlari, taqdimotlar hamda mavzuga oid qo’shimcha qiziqarli faktlarni joylashtirish orqali nafaqat bilim berish, balki ularni bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish imkoniyati ham bor. O’quvchilar bu jarayonda o'qituvchilar bilan o'z g'oyalari va savollarini onlayn ravishda bo'lishish uchun hamkorlik qilishlari mumkin: ular butun dunyo bo'ylab, hattoki ta’til vaqtlarida ham, boshqalar bilan bir zumda muloqot qiladilar, yutuqqa erishishning samarali yo’llari haqidagi fikrlarini tengdoshlari bilan bo’lishadilar, kamchiliklarini tushunadilar va bartaraf etadilar hamda shu asnoda tafakkur va dunyoqarashlarini o’stiradilar. Mazkur yondashuv agar fan o’qituvchisi tomonidan amalda to’g’ri qo’llanilsa ta'lim amaliyoti sifati keskin oshadi.
Ikkinchidan, o’quvchini texnologiyadan unumli foydalanishga yo’naltira olinsa, ularda yoshligidanoq jamiyatni rivojlantirishdagi eng qimmatli omillardan biri-tadqiqot qobiliyatlarini rivojlantirish mumkin. Hech kimga sir emaski, internet tarmog’i bugungi kunda o’zida juda katta hajmdagi ma’lumotlarni qamrab olgan hamda undan istalgan vaqatda va joyda foydalanish mumkin. Shu ma’noda, texnologiya o'quvchilarga sifatli va asoslangan ma'lumotlar bazasiga darhol kirish, keraklisini izlab topish, taalluqli faktlarni o’rganish, tahlil qilish va taqqoslash imkonini beradi. Bu avvalo, fan yoki mutaxassislik bo’yicha darslarda o’rganishni imkoni bo’lmagan ma’lumotlarni izlab topish ko’nikmasini shakllantirishga hamda nisbatan tezroq o'rganishga olib keladi. Ammo, mazkur jarayonni amalga oshirish doimo o’qituvchi yoki ota-onalar nazoratida olib borilishini nazarda tutish lozim. Bu endigina shakllanayotgan dunyoqarash va tafakkurni salbiy tomonga o’gib ketishini oldini olishda muhim hisoblanadi. 
Uchinchidan, sinfda texnologiyadan foydalanish o'qituvchi va o'qituvchilarda raqamli tizimlar borasidagi bilimlarni shakllantirish va rivojlantirish imkoniyatini beradi va natijada o’quvchini kelajakda zamon talabiga mos sifatli kadr bo’lishida ham katta ahamiyat kasb etadi. Fikrimizga misolni Tasviriy san’at va chizmachilik fanini o’qitishdagi innovatsiya orqali ko’rishimiz mumkin. Mazkur fanlarni o’qitish jarayonida Adobe Illustrator, 3D MAX, Adobe Photoshop, Microsoft Paint, Corel Draw singari ilovalardan foydalanilsa o’quvchilar mazkur ilovalarning ishlatish bo’yicha birinchi ma’lumotga ega bo’lib oladilar, Vaholanki, mazkur komp’yuter ilovalari o’rta maktab ta’lim tizimida maxsus o’rgatilmasligi, ammo zamonaviy Grafik va WEB dizayn mutaxassislari tomonidan jahon miqyosida keng qollanilishini inobatga olsak,  maktab davrida olingan bu ilk ma’lumotlar ular uchun naqadar muhimligini tushunamiz.
Yanada yaqqolroq misolni Chizmachilik fanidagi “Kesim” yoki “Qirqim” mavzusini o’qitishda uch o’lchamli tasvirlarda ishlash ilovasi-3D MAXdan foydalanishda keltirib o’tamiz. Kesim va Qirqim mazvularini o’qitishda eng muhim jihatlaridan biri bu - o’quvchida hayoliy tekislikni tasavvur qilishga o’rgatish, kesilayotgan yoki qirqilayotgan buyum haqida to’liqroq ma’lumot olishni ta’minlashdan iborat. Odatda qo’llanilayotgan Microsoft Paint, Adobe Photoshop kabi ikki o’lchamli tasvir ilovalarida, ko’rgazmali rasmlar yoinki doskaning o’zida bunday tasavvurlarni paydo qilish birmuncha qiyinroq kechadi, tushuntirish uchun ko’proq vaqt talab etiladi.Aksincha, 3DsMax ilovasida ish stolining tuzilishi chizmachilikda foydalaniladigan proyeksiyalar tekisligining chizma qog’ozidagi joylashuvi bilan o’xshashligi o’quvchining bu ilovani o’zlashtirishida qiyinchilik tug’dirmaydi. Qolaversa, mazkur ilovada buyumlarning 3 o’lchamli tasvirlarini yaratish, ularni fazoda 360o da aylantirib ko’rish, kesuvchi hayoliy tekislikning grafik tasvirini ko’rish, buyumni qismlarga ajratib ko’rsatish, ularni fizik hamda astronomik xususyatlarini tahlil qilish imkoniyatlari mavjid. Bu esa shubhasiz o’quvchida mazkur ilovada ishlashga qiziqishni uyg’otishdan tashqari foydalanuvchi tasavvurini kengaytirishi hamda oz vaqt ichida ko’proq ma’lumot olishiga ham yordam beradi. Natijada, bugungi zamonaviy dunyoning sanoatlashib borayotgani, ishlab chiqarishning barcha sohalarida yangi axborot texnologiyalrining keng qo’llanilayotganini hisobga olinsa, maktab davridayoq ilovaning ishlash tizimini o’zlashtirib olgan o’quvchi keyinchalik ish faoliyatida hech qanday qiyinchiliksiz shu yo’nalishdagi har qanday texnologiyalashtirilgan qurilmalarni boshqarishi mumkin bo’ladi.
Darhaqiqat, innovatsiyani ta’limga faol olib kirish juda ham muhim va kechiktirib bo’lmaydigan jarayondir. Bugun kundan-kun rivojlanib, o’zgarib borayotgan zamon bilan hamnafas, intellektual jihatdan yuqori sa’viyadagi xalq bilan birga yashash uchun o’quvchilarni ijodkorlik va yaratuvchanlik ruhida tarbiyalash shu jamiyatning har bir a’zosini burchi hamda vazifasi bo’lmog’i lozim. 

ВЛИЯНИЕ КУЛЬТУРЫ МОНГОЛСКОЙ ИМПЕРИИ НА ВОСТОКЕ КИТАЯ И ЦЕНТРАЛЬНОЙ АЗИИ.   Исаков А.А. 1 1 И саков Абдувохид Абдувахобович – преподав...